Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Nega tug‘ishgan aka-uka yoki opa-singil bilan tinch-totuv yashash kerak?

Nega tug‘ishgan aka-uka yoki opa-singil bilan tinch-totuv yashash kerak?

 «Yiroqdagi kishnashar, yaqindagi tishlashar»

 Tug‘ishgan aka-uka va opa-singillarga «yiroqdagi kishnashar, yaqindagi tishlashar» degan maqol to‘g‘ri keladi. Ularni yaxshi ko‘rasiz, ular sizni yaxshi ko‘radi, ammo ba’zida ular bilan til topishish oson emas. 18 yoshli Xelena shunday dedi: «Ukam qonimni qaynatib yuboradi. Jig‘imga tegish uchun nima deyishni va buni aynan qachon qilish kerakligini rosa yaxshi biladi!»

 Ular bilan kelishmovchiliklarni hal qilish uchun gohida shunchaki gaplashib olish va muzokara qilib ko‘rish kerak. Bir nechta misolga e’tibor beraylik:

  •   Bitta xonada yashaydigan aka-uka orasida shaxsiy hayot masalasida bahs ko‘tarilishi mumkin. Buning qanday yechimi bor? Murosa qilishga o‘rganing, har bir insonning bunga haqqi bor. Luqo 6:31 dagi prinsipga amal qiling.

  •   Opa-singil so‘ramay turib bir-birining kiyimini kiyib turishi mumkin. Buning qanday yechimi bor? Bu haqida suhbatlashib, muayyan chegaralar o‘rnating. 2 Timo‘tiyga 2:24 dagi prinsipga amal qiling.

 Biroq gohida aka-uka va opa-singillar orasida bundan ham jiddiyroq muammolar tug‘ilishi mumkin. Oqibatlari achinarli bo‘lishi hech gap emas. Muqaddas Kitobdagi ikkita kishining misoliga diqqat qarataylik:

  •   Maryam va Horun ukasi Musoga hasad qila boshlashdi, buning oqibati qayg‘uli edi. Sahroda 12:1–15 dagi voqeani o‘qing. Keyin quyidagi savol ustida fikr yuriting: «Aka-uka yoki opa-singlimga hasad qilmasligimga nima yordam beradi?»

  •   Qobil ukasi Hobilga qattiq jahl qilganida uni o‘ldirishdan tap tortmadi. Ibtido 4:1–12 dagi voqeani o‘qing. Keyin quyidagi savol ustida fikr yuriting: «Aka-uka yoki opa-singlim bilan gaplashayotganda, jahlga berilmasligimga nima yordam beradi?»

 Tinch-totuv yashash uchun ikkita sabab

 Aka-uka yoki opa-singillar bilan til topishish qanchalar qiyin bo‘lmasin, buni kamida ikkita sababga ko‘ra qilib ko‘rish arziydi.

  1.   Bu yetuklik belgisi. 25 yoshli Aleks shunday deb bo‘lishdi: «Ilgari ikkita singlimga sal narsaga ham jahlim chiqib ketardi. Hozir esa xotirjamroq bo‘lib, ularga nisbatan sabrliman. Ancha ulg‘aydim deb aytsam adashmayman».

     Muqaddas Kitobda shunday deb yozilgan: «Jahlini tiygan aql-idroklidir, besabr esa ahmoqligini ko‘rsatadi». (Hikmatlar 14:29)

  2.   Kelajak uchun yaxshi poydevor. Agar tug‘ishgan aka-uka yoki opa-singlingiz bilan tinch-totuv yashay olmasangiz, turmush o‘rtog‘ingiz, hamkasbingiz, boshlig‘ingiz yoki umuman duch keladigan insonlar bilan buni qanday qila olasiz?

     Rostini aytganda muloqot va murosa qilish — kelajakdagi munosabatlaringiz poydevoridir. Bu kabilarni o‘rganishga ko‘maklashadigan eng yaxshi joy — oilangiz.

     Muqaddas Kitobda shunday deb yozilgan: «Qo‘lingizdan kelganicha... tinch-totuv hayot kechiringlar». (Rimliklarga 12:18)

 Aka-uka yoki opa-singlingiz bilan o‘zaro muammolarni hal qila olishni istaysizmi? Unda, «Tengdoshlaringizning fikri» sarlavhasi ostidagi ma’lumotni o‘qing, keyin esa «Aka-uka yoki opa-singlim bilan tinch-totuv yashash» nomli o‘quv daftariga diqqat qarating.