Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Uy ishini qanday qilib tugata olaman?

Uy ishini qanday qilib tugata olaman?

 «Kechasi soat birgacha dars qilish holdan toydiradi. Shunaqangi uyqu bosib yuboradi». (Devid)

 «Gohida kechasi soat to‘rt yarimgacha uy ishimni qilaman, keyin esa maktabga borish uchun oltida uyg‘onaman. Uyquga umuman to‘ymayman!» (Teresa)

 Siz ham o‘zingizni uy ishlariga ko‘milib ketganday his qilyapsizmi? Unday bo‘lsa, bu maqola chuqurroq fikr yuritib ko‘rishingizga qo‘l keladi.

 Nega uy ishi beriladi?

 Uy ishining foydasi katta. Misol uchun,..

  •   har taraflama bilimingizni oshiradi

  •   mas’uliyatli bo‘lishga o‘rgatadi

  •   vaqtingizdan unumli foydalanishga ko‘maklashadi

  •   sinfda o‘rgangan mavzuni yaxshiroq tushunib, bilganlaringizni qo‘llashga yordam beradi a

 «Ustozlar ma’lumot bir quloqdan kirib, ikkinchisidan chiqib ketmasligi va mag‘izini chaqishimiz uchun uy ishini berishadi». (Meri)

 Masalan, matematika va fizika muammolarni hal qilish qobiliyatingizni o‘tkirlaydi. Mutaxassislarning aytishicha, miyamizdagi yangi neyron aloqalarini yaratib, ularni mustahkamlaydi. Demak, uy ishi miya uchun xuddi mashqday.

 Uy ishi sizga foyda keltirayotganini ko‘rasizmi yoki yo‘qmi, uni bajarishni o‘rganish kerak, undan qochib bo‘lmaydi. Kayfiyatingiz tushmasin. Sizga qancha uy ishi berilishini nazorat qila olmasangiz ham, uni kamroq vaqt ichida tugata olarsiz. Keling, buni qanday eplash mumkinligini bilib olaylik.

 Dars qilish borasidagi maslahatlar

 Uy ishini qilishga ulgurmayotgan bo‘lsangiz, ortiqcha kuchni bekor ketkazishning o‘rniga, aqlni ishga soling. Quyidagilarni qilib ko‘ring:

  •   1-maslahat. Oldindan rejalashtiring. Muqaddas Kitobda shunday yozilgan: «Tirishqoqning rejalari muvaffaqiyat keltiradi». (Hikmatlar 21:5) Dars qilish uchun barcha narsangiz bo‘lsin. Shunda, chalg‘imasdan ularni bajarasiz.

     Qolaversa, diqqatingizni jamlashga ko‘maklashadigan joy tanlang. Ba’zilar uyida tinch va yorug‘ xonani tanlashadi. Boshqalar esa uyda emas, balki kutubxonaga borib dars qilishni xush ko‘rishadi.

     «Masalan, nima qilmoqchi ekaningizni hamda vaqtini yon daftarchaga yozib qo‘yish, vaqtingizni zoe sarflamaslikka yordam beradi. Ular ko‘z o‘ngingizda bo‘lsa, kamroq tashvishlanasiz». (Richard)

  •   2-maslahat. Nima muhim ekanini aniqlang. Muqaddas Kitobda: «Hamma narsa... tartib bilan bo‘lsin»,— deb aytilgan. (1 Korinfliklarga 14:40) Qaysi darslarni birinchi navbatda qilishingizni oldindan belgilang.

     Ayrimlarga eng qiyin darslardan boshlash yoqadi, boshqalar esa osonroq darslardan boshlashni yoqtiradi. Sizga qaysi usul to‘g‘ri kelishini o‘ylab ko‘ring.

     «Qilmoqchi bo‘lgan narsalarni va qaysi tartibda ularni bajarmoqchi ekaningiz borasida ro‘yxat tuzing. Shunda, hammasi nazoratingiz ostida ekanini his etasiz va darslar ko‘pligidan bosh qotirmaysiz». (Xaydi)

  •   3-maslahat. Ishga tezroq kirishing. Muqaddas Kitobda shunday yozilgan: «Yalqov emas, mehnatsevar bo‘linglar». (Rimliklarga 12:11) Boshqa biron narsa qilish istagingiz qanchalar kuchli bo‘lmasin, uy ishlaridan chalg‘imaslikka harakat qiling.

     Ezmalikka odatlangan odam odatda hamma narsani kechikib yoki tapr-tupur qiladi. Natijada, ishi chala bo‘lib, sifati pasayadi. Darslarni orqaga siltmay, vaqtida qilsangiz, keraksiz tashvishlardan qutulasiz.

     «Darslarni yoki biron topshiriqni maktabdan kelgach bajarganimda, kamroq xavotirlanardim. Boshqa ishlarga ham vaqtim qolardi». (Serina)

     YAXSHI FIKR. Darslarni har kuni bir xil paytda bajaring. Bu bora-bora odatga aylanib, yanada tartibli bo‘lishingizga yordam beradi.

  •   4-maslahat. Chalg‘imang. Muqaddas Kitobda: «Nigohing oldinga boqsin»,— deyilgan. (Hikmatlar 4:25) Uy ishini bajarayotganda, bu maslahatni qanday qo‘llay olasiz? Har narsaga, ayniqsa, elektron qurilmalarga chalg‘imang.

     Bir vaqtning o‘zida ham Internetni yoqsangiz, ham kimdir bilan yozishsangiz, uy ishiga ikki baravar ko‘proq vaqt sarflaysiz. Shu bois, yaxshisi butunlayin ishga kirishing. Oqibatda, kamroq asabiylashasiz va darslarni ham tezroq bitirasiz.

     «Atrofda telefon, videoo‘yin, kompyuter va televizor turganda, qanaqasiga diqqatni jamlay olish mumkin?! Shuning uchun, telefonimni va xalaqit beradigan barcha narsani o‘chirib qo‘yaman». (Jouel)

  •   5-maslahat. Me’yorni biling. Muqaddas Kitobda quyidagicha yozilgan: «Mulohazakor ekaningiz hamma odamlarga ma’lum bo‘lsin». (Filippiliklarga 4:5) Charchab ketmaslik uchun tanaffuslar qilib turing. Masalan, tashqarida aylanib, velosiped haydab yoki yugurib keling.

     Bordi-yu, baribir darslarga ko‘milib, ulardan boshingiz chiqmay qolganday tuyulsa, ustozingiz bilan gaplashing. Jon kuydirayotganingizni ko‘rib, ehtimol u sizga yordam berar.

     «Darslar tinka-madoringizni quritishiga yo‘l qo‘ymang! Qo‘lingizdan kelganini qiling, lekin me’yorini biling. Uy ishi sog‘ligingizni xavf ostiga qo‘yishga arziydigan narsa emas». (Juliya)

 O‘zingizdan so‘rang:

  •   «Uy ishini qilish uchun menga nimalar kerak?»

  •   «Darslarni qaysi payt qilganim qulayroq?»

  •   «Diqqatimni jamlay olish uchun qayerda dars qilganim yaxshiroq?»

  •   «Hammasini keyinga qoldirish odatini qanday yenga olaman?»

  •   «Diqqatimni o‘qishga qaratishga nima to‘sqinlik qilyapti?»

  •   «Qanday qilib elektron qurilmalar-u boshqa narsalarga chalg‘imaslik mumkin?»

  •   «Uy ishi masalasida me’yorni bilishga nima yordam beradi?»

 ESLATMA. Uy ishini qanday bajarish kerakligini yaxshi tushunganingizga amin bo‘ling. Biron narsa tushunarsiz bo‘lsa, sinfdan ketishdan oldin ustozdan hammasini surishtiring.

a Bu fikrlar Janna Shumm muallifi bo‘lgan kitobdan olingan. («School Power»)