Asosiy materiallarga o‘tish

YOSHLARNING SAVOLLARI

Qay yo‘sin vaqtni to‘g‘ri rejalashtirish mumkin?

Qay yo‘sin vaqtni to‘g‘ri rejalashtirish mumkin?

 Nega vaqtni to‘g‘ri taqsimlash kerak?

  •   Vaqtni pulga o‘xshatsa bo‘ladi. Agar uni behuda sarflab yuborsangiz, kerak bo‘lganida topa olmaysiz. Lekin vaqtni to‘g‘ri taqsimlasangiz, o‘zingiz yoqtiradigan ishlarni ham bemalol qila olasiz.

     Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Yalqov odamning orzulari ko‘p, lekin hech vaqosi yo‘q, tirishqoq esa niyatiga erishadi». (Hikmatlar 13:4)

     Xulosa. Vaqtni to‘g‘ri taqsimlab, o‘zingizni cheklamaysiz, aksincha, yanada erkinroq bo‘lasiz.

  •   Vaqtni to‘g‘ri rejalashtirish sizga katta hayotda asqatadigan ajoyib qobiliyatdir. Kim bilsin, ehtimol, vaqtdan to‘g‘ri foydalanish kelajakda ishingizni yo‘qotmaslikka yordam berar. Bir o‘ylab ko‘ring, doim kechikib keladigan insonni ishda qoldirarmidingiz?

     Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Kichik narsada ishonchli bo‘lgan, katta narsada ham ishonchli bo‘ladi». (Luqo 16:10)

     Xulosa. Vaqtni qay tariqa rejalashtirishingizga qarab, qanday inson ekaningiz ayon bo‘ladi.

 Shuni tan olish kerakki, vaqtni to‘g‘ri rejalashtirish oson emas. Masalan, bir necha to‘siqqa e’tibor qarataylik.

 1-to‘siq. Do‘stlar

 «Do‘stlarim birga aylanishga taklif qilishsa, hatto umuman vaqtim bo‘lmasa ham, ularga yo‘q deya olmayman. “Uyga kelganimda, hammasini tezda qilib qo‘yaman”,— deb o‘ylayman. Lekin bu doim ham o‘xshamaydi va oqibatda barchasi chappasiga ketadi». (Sintiya)

 2-to‘siq. Chalg‘ishlar

 «Televizor pilesosga o‘xshaydi. U sizni teledasturlar va filmlar bilan yutib yuboradi. Vasvasaga qarshi turish deyarli imkonsiz bo‘ladi». (Ayvi)

 «Ba’zida planshetimdan qo‘limni uza olmayman. Aytishga ham uyalaman, lekin faqatgina quvvati tugaganida, o‘zimni to‘xtata olaman». (Mari)

 3-to‘siq. Ishni keyinga qoldirish

 «Maktabda olgan uy vazifalarimni va qilishim kerak bo‘lgan har qanday ishni keyinga qoldiraman. Vaqtimni bo‘lmag‘ur ishlarga sarflayman-da, keyin vaqt ozgina qolganida qimirlab qolaman. Tan olishim kerakki, vaqtimni to‘g‘ri rejalashtira olmayman». (Bet)

Vaqtni to‘g‘ri taqsimlab, o‘zingizni cheklamaysiz, aksincha, yanada erkinroq bo‘lasiz

 Nima qila olasiz?

  1.   Muhim ishlar ro‘yxatini tuzing. Masalan, bu ro‘yxatga uy yumushlarini va dars tayyorlashni kiritishingiz mumkin. Hafta mobaynida har bir vazifani bajarish uchun qancha vaqt sarflamoqchi ekaningizni yozib chiqing.

     Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Qaysi narsalar muhimroq ekanini farqlanglar». (Filippiliklarga 1:10)

  2.   Bo‘sh vaqtingizda nima bilan shug‘ullanishni yoqtirishingizni yozib chiqing. Misol uchun, bu ijtimoiy tarmoqlarda o‘tirish yoki televizor tomosha qilish bo‘lishi mumkin. Bu yerda ham, har bir mashg‘ulotga hafta mobaynida qancha vaqt sarflamoqchi ekaningizni belgilab qo‘ying.

     Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Oqilona yo‘l tutib, fursatni boy bermanglar». (Kolosaliklarga 4:5)

  3.   Reja tuzing. Tuzgan ikkita ro‘yxatingizga diqqat qarating. Muhim ishlar uchun yetarlicha vaqt ajratdingizmi? Dam olishga ketadigan vaqtni qisqartirish kerak emasmi?

     Maslahat: kundalik ishlar ro‘yxatini tuzib, har birini bajarib bo‘lgach, tekshiring.

     Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Tirishqoqning rejalari muvaffaqiyat keltiradi». (Hikmatlar 21:5)

  4.   Rejangizga amal qiling. Ehtimol, do‘stlaringiz birga dam olishga taklif qilganda, taklifni rad etib, muhimroq ishlarni bajararsiz. Shunda bo‘sh vaqtingiz ko‘proq ekanini payqaysiz hamda o‘zingizga yoqadigan ishni bajara olasiz.

     Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Yalqov emas, mehnatsevar bo‘linglar». (Rimliklarga 12:11)

  5.   Vaqtli harakat — oxiri barakat. Tara ismli bir qiz quyidagicha dedi: «Ro‘yxatimdagi bir-ikkita ishni qilaman-da, 15 daqiqa televizor tomosha qilib olay, keyin qolgan ishlarni davom ettiraveraman, deyman. 15 daqiqa 30 daqiqaga, 30 daqiqa esa 1 soatga aylanadi. Qarabsizki, televizor oldida naq ikki soat o‘tirgan bo‘laman!»

     Buning yechimi qanday? Dam olishni kuningizning ajralmas qismi deb emas, yakunlagan ishlaringiz uchun mukofot deb biling.

     Muqaddas Kitobdagi prinsip: «Inson uchun... qilgan mehnatining rohatini ko‘rishdan yaxshiroq narsa yo‘q». (Voiz 2:24)