Iso Masih qanday qilib qutqaradi?
Muqaddas Kitob asosida javob
Iso Masih o‘z hayotini to‘lov qurbonligi sifatida keltirganda, sodiq insonlarni qutqargan edi. (Matto 20:28) Shu sababli, u Muqaddas Kitobda «dunyo qutqaruvchisi» deya ataladi. (1 Yuhanno 4:14) Qolaversa, u yerda quyidagicha yozilgan: «Odamlarni undan boshqa hech kim qutqara olmaydi, chunki najot topishimiz uchun osmon-u falak ostida odamlarga berilgan boshqa ism yo‘q». (Havoriylar 4:12)
Iso unga ishongan har bir kishi uchun «o‘limga ro‘baro‘ bo‘lgan». (Ibroniylarga 2:9; Yuhanno 3:16) Shu bois, «Alloh uni tiriltirdi» va u ruhiy shaxs sifatida osmonga qaytdi. (Havoriylar 3:15) U yerda Iso «Allohga yaqinlashganlarni butunlay qutqarishga qodir. U abadiy yashagani bois, ular uchun vositachilik qiladi». (Ibroniylarga 7:25)
Nega Iso biz uchun vositachilik qiladi?
Barchamiz gunohkormiz. (Rimliklarga 3:23) Gunoh Xudo bilan bizning o‘rtamizda to‘siq bo‘lib, o‘limga yetaklaydi. (Rimliklarga 6:23) Lekin Iso uning to‘lov qurbonligiga ishongan kishilar uchun «himoyachi» sifatida xizmat qiladi. (1 Yuhanno 2:1, izoh) U vositachilik qilib, Xudodan ularning ibodatlarini eshitishini va bu to‘lov asosida gunohlari kechirilishini so‘raydi. (Matto 1:21; Rimliklarga 8:34) Xudo Iso orqali qilingan bu ibodatlarni qabul qiladi, chunki ular Uning irodasiga muvofiq. Alloh «dunyoni qutqarish» uchun Isoni yer yuziga yuborgan. (Yuhanno 3:17)
Qutqarilish uchun Isoga ishonishning o‘zi yetarlimi?
Yo‘q. To‘g‘ri, qutqarilish uchun Isoga ishonish kerak, lekin qilish kerak bo‘lgan yana bir narsa bor. (Havoriylar 16:30, 31) Muqaddas Kitobda: «Ruhsiz tana o‘lik bo‘lganidek, ishlarsiz imon ham o‘likdir»,— deyilgan. (Yoqub 2:26) Qutqarilish uchun quyidagilar kerak:
Iso va Uning Otasi Yahovani tanib-bilish lozim. (Yuhanno 17:3)
Ularga nisbatan imonni kuchaytirish darkor. (Yuhanno 12:44; 14:1)
Amrlariga itoatli bo‘lib, imonimizni namoyon etishimiz kerak. (Luqo 6:46; 1 Yuhanno 2:17) Iso o‘rgatganiday, unga «Hazratim» deb murojaat qilgan har kim emas, osmondagi Otasining «xohishini bajargan» kishilargina qutqariladi. (Matto 7:21)
Qiyinchiliklarga qaramay, imonni namoyon etishda to‘xtamaslik lozim. Iso: «Faqat oxirigacha chidagan qutuladi»,— deb aytganda, buni ta’kidlagan edi. (Matto 24:13)