Najot topish nima degani?
Muqaddas Kitob asosida javob
Muqaddas Kitob yozuvchilari «qutqarilish» va «qutulish» so‘zlarini xavf-xatardan xalos bo‘lish yoki najot topish ma’nolarida qo‘llashgan. (Chiqish 14:13, 14; Havoriylar 27:20) Ko‘pincha bu so‘zlar gunohdan xalos bo‘lish ma’nosida qo‘llaniladi. (Matto 1:21) O‘lim gunoh dastidan paydo bo‘lgani bois, gunohdan xalos bo‘lgan insonlar abadiy yashash umidiga ega bo‘lishadi. (Yuhanno 3:16, 17) a
Qay yo‘sin najot topish mumkin?
Najot topish uchun Iso payg‘ambarga ishonishimiz va bu ishonchni uning amrlariga bo‘ysunish orqali namoyon etishimiz lozim. (Havoriylar 4:10, 12; Rimliklarga 10:9, 10; Ibroniylarga 5:9)
Muqaddas Kitobdan shuni bilib olyapmizki, imonimiz tirik ekanini ishlarimiz va itoatkorligimiz bilan ko‘rsatishimiz kerak. (Yoqub 2:24, 26) Ammo bu najotga o‘z kuchimiz bilan erisha olishimizni anglatmaydi. Chunki najot bizga «inoyat asosida» berilgan «Xudoning tuhfasidir». (Efesliklarga 2:8, 9)
Najot topgan kishi undan mahrum bo‘lishi mumkinmi?
Ha. Cho‘kayotgan inson qutqarib olinsa-da, u yana suvga tushib ketishi yoki sakrashi mumkin bo‘lganiday, gunohdan xalos etilgan inson ham imonni namoyon etishda davom etmasa, najotdan mahrum bo‘lishi mumkin. Shu sababli, Muqaddas Kitob najot topgan masihiylarni «imon uchun zo‘r berib kurashishga» undamoqda. (Yahudo 3) Qolaversa, xalos etilganlar uchun quyidagi ogohlantirish bor: «Qo‘rquv va titroq bilan o‘z najotingizga erishishga urininglar». (Filippiliklarga 2:12)
Najotkor kim — Xudomi yoki Isomi?
Muqaddas Kitobdan najotning asosiy manbai Xudo ekanini ko‘rish mumkin. Unga nisbatan ko‘p marotaba «Najotkor», «Xaloskor» va «Qutqaruvchi» kabi unvonlar qo‘llanilgan. (1 Shohlar 10:19; Ishayo 43:11; Titusga 2:10; Yahudo 25) Bundan tashqari, qadimda Isroil xalqini qutqarish uchun Xudo turli odamlardan foydalangan va ular ham Muqaddas Kitobda «najotkorlar» deb atalgan. (Naximiyo 9:27; Hakamlar 3:9, 15; 4 Shohlar 13:5) Muqaddas Kitobda Iso ham «Najotkor» deb atalgan, chunki uning to‘lov qurbonligi asosida Xudo bizga gunohdan xalos bo‘lish imkonini taqdim etyapti. (Havoriylar 5:31; Titusga 1:4) b
Hamma najot topadimi?
Yo‘q, ayrim odamlar najot topmaydi. (2 Salonikaliklarga 1:9) Iso payg‘ambardan: «Nahotki najot topadiganlar oz bo‘lsa?» — deb so‘rashganida, u shunday javob bergan: «Tor eshikdan kirish uchun jon kuydiringlar. Zero ko‘plar undan kirishga intilishadi-yu, lekin kira olishmaydi». (Luqo 13:23, 24)
Hamma najot topishi borasida noto‘g‘ri fikrlar
Noto‘g‘ri fikr: Korinfliklarga yo‘llangan birinchi maktub 15:22 da: «Masih tufayli hamma hayotga ega bo‘ladi»,— deyilganiga ko‘ra, hamma najot topadi.
To‘g‘ri fikr: Ushbu oyatning matn tarkibida tirilish haqida gap boradi. (1 Korinfliklarga 15:12, 13, 20, 21, 35) Demak, «Masih tufayli hamma hayotga ega bo‘ladi»,— deyilganda, tirilgan barcha insonlar Iso Masih orqali baraka olishi nazarda tutilgan. (Yuhanno 11:25)
Noto‘g‘ri fikr: Titusga 2:11 da: «Qutqaruvchimiz Xudoning inoyati butun odamlarga yaqqol oshkor bo‘ldi»,— deyilgan. Demak, hamma najot topadi. (O‘zbekiston Bibliya Jamiyati)
To‘g‘ri fikr: Bu oyatda «butun» deb tarjima qilingan yunoncha so‘z «har turli yoki har qanday» degan ma’nolarni ham anglatishi mumkin c. Shunday ekan, Titusga 2:11 dagi so‘zlarni Xudo har turli, ya’ni «har bir millatdan, qabiladan, xalqdan va tildan bo‘lgan» insonlarga najot beradi deb tushunish to‘g‘riroq bo‘ladi. (Vahiy 7:9, 10)
Noto‘g‘ri fikr: Butrusning ikkinchi maktubi 3:9 da Xudo haqida: «U hech kimning halok bo‘lishini istamaydi»,— deyilganiga ko‘ra, hamma najot topadi.
To‘g‘ri fikr: Xudo odamlar najot topishini istaydi, ammo U qutqarish uchun ko‘rgan choralarini qabul qilishga hech kimni majburlamaydi. Alloh «hukm kunida» «xudosiz insonlarni halok qiladi». (2 Butrus 3:7)
a Muqaddas Kitobda ba’zi odamlarga qarata: «Qutqarilgansizlar»,— deb aytilgan. Ammo aslida ular gunoh va o‘limdan kelajakda to‘la ma’noda xalos bo‘lishadi. (Efesliklarga 2:5; Rimliklarga 13:11)
b «Iso» degan ism ibroniycha Yahoshua ismidan kelib chiqqan bo‘lib, «Yahova — najot» degan ma’noga ega.
c Xuddi shu yunoncha so‘z Matto 5:11 da ham qo‘llanilgan. Bu oyatda Iso odamlar uning izdoshlariga «har qanday» yaramas so‘zlarni aytishi haqida yozilgan. («Muqaddas Kitob — Yangi dunyo tarjimasi»)