Asosiy materiallarga o‘tish

IMONLARIGA ERGASHINGLAR | YO‘NATAN

«Yaqin do‘st bo‘lib qoldilar»

«Yaqin do‘st bo‘lib qoldilar»

Jang o‘z yakuniga yetdi, Elox vodiysini sukunat qoplab oldi. Qo‘shin o‘rnashgan qarorgoh aro mayin shabada yelib turibdi, shoh Shoul bir nechta kishi bilan maslahatlashmoqda. Uning to‘ng‘ich o‘g‘li Yo‘natan ham o‘sha yerda, o‘rtada esa yoshgina cho‘pon zavq ila o‘z hikoyasini so‘zlab bermoqda. G‘ayrat va zavq-shavqqa to‘lgan bu yosh yigit Dovud. Shoul uning hech bir so‘zini qoldirib yubormaslik uchun uni diqqat bilan tinglamoqda. Qiziq, Yo‘natan-chi, o‘zini qanday his qilmoqda? Axir u ham Yahovaning qo‘shinida xizmat qilib, anchagina g‘alabalarga erishgan. Lekin bugun g‘alabani u emas, balki mana shu yosh yigit qo‘lga kiritgan. Dovud bahaybat Go‘liyotni o‘ldirgan. Xo‘sh, butun shon-sharafga Dovud ega bo‘lganiga Yo‘natan hasad qilyaptimi?

Yo‘natan tutgan yo‘l sizni hayratga solar. Muqaddas Kitobda shunday yozilgan: «Dovud Shoul bilan gaplashib bo‘lgach, Yo‘natan bilan Dovud yaqin do‘st bo‘lib qoldilar. Yo‘natan uni o‘z joniday yaxshi ko‘rib qoldi». Yo‘natan Dovudga o‘z qurol-aslahalarini, jumladan, mohir kamonchi sifatida olgan hadyasini, ya’ni kamonini ham berib yubordi. Eng muhimi esa, ular o‘zaro ahd qilishdi, do‘stlar sifatida bir-birini qo‘llab-quvvatlashni tantanali tarzda va’da berishdi. (1 Shohlar 18:1–5)

Bu Muqaddas Kitobda tilga olingan yaqin do‘stona munosabatlardan biridir. Xudojo‘y insonlar do‘stlik rishtalarini muhim deb biladi. Agar donolik ila do‘stlar orttirib, ularni qo‘llab-quvvatlasak va sodiq do‘stga aylansak, ushbu razil zamonda imonimizni mustahkamlay olamiz. (Hikmatlar 27:17) Keling, do‘stlik masalasida Yo‘natanning misolidan qanday saboq olishimiz mumkinligini bilib olaylik.

Do‘stlik poydevori

Qay yo‘sin bunday do‘stona rishtalar shu qadar tez rivoj oldi? Bu savolning javobi ushbu rishtalar nimaga asoslanganini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq. Keling, o‘tmishga nazar solaylik. Yo‘natan og‘ir pallada yashagan. Uning otasi shoh Shoul vaqt o‘tgani sayin o‘zgarib borgan va bora-bora yovuzlashib ketgan. Qachonlardir xudojo‘y, itoatli va kamtar bo‘lgan Shoul endi takabbur, itoatsiz shohga aylandi. (1 Shohlar 15:17–19, 26)

Yo‘natan otasi shunchalik o‘zgarib ketganidan qayg‘urgandir, zero u otasi bilan juda yaqin edi. (1 Shohlar 20:2) Balkim, Shoul Yahovaning tanlangan xalqiga ziyon keltirishi mumkinligidan Yo‘natan tashvishlangandir. U shohning itoatsizligi dastidan fuqarolar to‘g‘ri yo‘ldan og‘ib, Yahovaning marhamatisiz qoladi, deb o‘ylagandir. Ushbu davr xudojo‘y Yo‘natan uchun mushkul bo‘lgani shubhasiz.

Bularni inobatga olgan holda Yo‘natan yosh Dovud bilan do‘stlashganining sababini tushuna olamiz. U Dovudning kuchli imonini ko‘rgan. Yodingizda bo‘lsa, Shoulning askarlaridan farqli ravishda, Dovud hatto haybatli bo‘lgan Go‘liyotdan ham qo‘rqmagan. U puxta qurollangan Go‘liyotga qarshi Yahovaning ismi bilan chiqqani tufayli undan ancha kuchliroq bo‘la olganiga amin edi. (1 Shohlar 17:45–47)

Bundan bir necha yil avval Yo‘natan xuddi shunday fikr yuritgan. U ikki kishi, ya’ni o‘zi va uning qurolbardori qo‘shinlar qarorgohiga hujum qila olishiga amin edi. Nima sababli? Yo‘natan Yahova haqida: «Unga hech narsa to‘sqinlik qila olmaydi»,— degan. (1 Shohlar 14:6) Ha, Yo‘natan va Dovudning anchagina o‘xshash tomonlari bor edi: ularning ikkovi ham Yahovaga qattiq ishongan va Uni juda yaxshi ko‘rgan. Bu ikki kishi qalin do‘st bo‘lib qolishi uchun eng zo‘r asosdir! Yo‘natan qudratli shahzoda va taxminan 50 yoshda, Dovud esa oddiy cho‘pon bo‘lib, ehtimol, hali 20ga to‘lmagan edi. Bu farq ularning do‘stligiga to‘siq bo‘lmagan *.

Ular qilgan ahd munosabatlarini himoya qilgan. Qanday qilib, deysizmi? Bir o‘ylab ko‘ring, Dovud Yahovaning unga nisbatan niyatini, ya’ni uni Isroilning keyingi shohi sifatida tayinlamoqchi ekanini bilardi. U buni Yo‘natandan yashirganmi? Aslo! Ularning do‘stlik rishtalari sir va yolg‘on emas, ochiq muloqot tufayli kuchaygan. Dovud shoh bo‘lishini bilish Yo‘natanga qanday ta’sir qilgan? Balki u bir kun kelib shoh bo‘lish va otasining xatolarini to‘g‘rilash umidida bo‘lgandir. Muqaddas Kitobda Yo‘natan bu borada salbiy tuyg‘ular bilan kurashgani haqida hech nima yozilmagan; faqat u sodiq va xudojo‘y bo‘lgani to‘g‘risida aytilgan. Yo‘natan Dovudni Yahovaning ruhi boshqarganini kuzatgan. (1 Shohlar 16:1, 11–13) Shu yo‘sin, u o‘z so‘zida turib, Dovudni raqib emas, do‘sti deb bilgan. Yo‘natan Yahovaning irodasi bajarilishini xohlagan.

Yo‘natan va Dovud Yahovaga qattiq ishonib, Uni juda yaxshi ko‘rishgan

Bu do‘stlik ko‘pgina qut-barakalar keltirdi. Yo‘natan shunday imonni namoyon etganidan qanday saboq olishimiz mumkin? Yahovaning har bir xizmatchisi do‘stona munosabatlarni qadrlasa yaxshi bo‘lardi. Yoshi yoki kelib chiqishi qanday bo‘lmasin, do‘stlarimiz kuchli imonga ega bo‘lsa, biz uchun barakaga aylanadi. Yo‘natan va Dovud ko‘p marotaba bir-birini qo‘llab-quvvatlab, o‘zaro dalda berishgan. Bu ularning ikkovi uchun ham yordam bo‘la olgan, chunki ularning do‘stligini shiddatli sinovlar kutgan edi.

Kimga sodiq bo‘lib qoladi?

Avval Shoul Dovudni juda qadrlagan va qo‘shinida unga mas’uliyatli vazifa topshirgan. Lekin ko‘p o‘tmay, Shoul Yo‘natan rivojlanishga yo‘l qo‘ymagan bir illatning — hasadning qurboniga aylangan. Dovud Isroil xalqining dushmanlari bo‘lmish filistimliklarga qarshi birin-ketin g‘alabalar qozongan. U shon-sharafga sazovor bo‘lib, xalqining sevgisiga ega bo‘lgan. Isroillik ba’zi ayollar hatto: «Shoul minglab dushmanlarni o‘ldirdi, Dovud esa o‘n minglab dushmanlarni o‘ldirdi»,— deb kuylagan. Shoulga bu yoqmagan. Muqaddas Kitobda quyidagilarni o‘qiymiz: «O‘sha kundan boshlab, Shoul Dovudga shubha bilan qaraydigan bo‘ldi». (1 Shohlar 18:7, 9) U shohligidan ayrilib qolishdan qo‘rqqan. Bu nodonlik edi. To‘g‘ri, Dovud uning o‘rniga shoh bo‘lishini bilgan, ammo Yahova tayinlagan shoh boshqarayotgan davrda uni taxtdan ag‘darishni hatto xayoliga ham keltirmagan.

Shoul Dovudni jangda o‘ldirishni rejalashtirgan, biroq bu ish bermagan. Dovud janglarda zafar qozongan, xalq uni yanada yaxshi ko‘rib, hurmat qilgan. Shuningdek, u Dovudni o‘ldirish fitnasini tuzish maqsadida uyidagilarini, ya’ni hamma xizmatkorlari-yu to‘ng‘ich o‘g‘lini birlashtirmoqchi edi. Tasavvur qiling, otasi bunday yo‘l tutayotganini ko‘rish Yo‘natanga qanchalar og‘ir botgan bo‘lsa kerak. (1 Shohlar 18:25–30; 19:1) Yo‘natan vafodor o‘g‘il edi, lekin shu bilan birga sodiq do‘st edi. Qiziq, bu vaziyatda u kimga sodiq bo‘lib qolar ekan?

Yo‘natan otasiga shunday dedi: «Shohim xizmatkori Dovudga qarshi gunoh qilmasinlar, chunki u sizga qarshi gunoh qilmagan. U nimaiki qilgan bo‘lsa, sizga foyda keltirgan. U hayotini xavf ostiga qo‘yib filistimlikni o‘ldirgani uchun, Yahova butun Isroil xalqiga buyuk g‘alaba bergan edi. Buni ko‘rib siz juda quvongan edingiz. Endi nima uchun Dovudni sababsiz o‘ldirmoqchisiz? Nega begunoh odamning qonini to‘kmoqchisiz?» U mulohazakorlikni namoyon etib, o‘g‘liga quloq soladi va hatto Dovudga ziyon yetkazmaslikka qasam ichadi. Ammo u so‘zining ustidan chiqmaydi. Dovud ko‘proq muvaffaqiyatga erishgach, Shoul unga rosa hasad qilib, g‘azabga minadi va unga qarab nayzasini otadi! (1 Shohlar 19:4–6, 9, 10) Biroq Dovud omon qolib, Shoulning saroyidan qochib ketadi.

Siz-chi, kimga sodiq bo‘lib qolish masalasida tanlovga duch kelganmisiz? Ha, bu oson emas. Masalan, ba’zilar siz oilangizga doim vafodor bo‘lib yurishingiz kerakligini nasihat qilar. Yo‘natan bu borada qanday yo‘l tutish yaxshiroq bo‘lishini bilgan. Qanday qilib u Dovud Yahovaga sodiq va itoatli bo‘lgan paytda, otasining tarafini olishi mumkin edi? Yo‘natan Yahovaga sadoqatli qolib, qaror chiqargan. Shuning uchun, u Dovudni himoya qilgan. Garchi Yo‘natan uchun Allohga sodiq bo‘lish birinchi navbatda bo‘lgan bo‘lsa-da, otasiga xolisona maslahat berib, unga o‘z sadoqatini isbotlagan. U otasi eshitishni xohlagan fikrlarni aytmagan. Har birimiz Yo‘natanday sadoqatli bo‘lib ko‘p foyda ko‘ramiz.

Sadoqat bahosi

Yo‘natan otasiga Dovud bilan yarashib olishiga yana yordam bermoqchi bo‘ladi, lekin bu safar Shoul unga umuman quloq solmaydi. Dovud Yo‘natanning oldiga yashirincha kelib, o‘zi uchun qo‘rqayotganini aytadi. Qadrdon do‘stiga: «Hayotim qil ustida turibdi!» — deydi u. Yo‘natan unga bu borada otasining fikrini va Dovud bilan yarashish istagi bor-yo‘qligi haqida bilib berishini aytadi. Dovud yashirinib olganda, Yo‘natan kamon va o‘qlaridan foydalanib unga xabar berishga kelishib oladi. U Dovuddan quyidagi va’dani berishni so‘raydi: «Yahova sening barcha dushmanlaringni yer yuzidan yo‘q qilib tashlasa ham, mening xonadonimga doimo mehr-sadoqat ko‘rsat». Dovud uning xonadonidagilarga doim g‘amxo‘rlik qilib, himoya qilishga rozi bo‘ladi. (1 Shohlar 20:3, 13–27)

Yo‘natan otasiga Dovudni maqtamoqchi bo‘ladi, lekin Shoulning jahli chiqadi. U Yo‘natanni isyonkor ayolning o‘g‘li deb, Dovudga vafodor bo‘lgani bilan oilasini sharmanda qilayotganini aytadi. Shoul o‘g‘li o‘zi haqida o‘ylab ko‘rsin deb, mana shu so‘zlarni aytadi: «Toki Essayning o‘g‘li yer yuzida hayot ekan, sening shohliging mustahkam bo‘lmaydi». Yo‘natan esa otasidan yana: «Nega u o‘lishi kerak? U nima qildi?» — deb so‘raydi. Shoulning g‘azabi qaynab ketadi! Garchi shohning yoshi o‘tib qolgan bo‘lsa-da, hali ham qudratli jangchi edi. U o‘g‘liga nayzasini otdi! Shoul mohir jangchi bo‘lishiga qaramay, nishonga ura olmadi. Haqorat qilingan va qattiq qayg‘uga botgan Yo‘natanning jahli chiqib u yerdan ketib qoldi. (1 Shohlar 20:24–34)

Yo‘natan o‘z manfaatlarini ko‘zlamagan

Ertalab esa, u Dovud yashirinib olgan joy yaqinidagi dalaga yo‘l oldi. U kelishib olinganiday, otasi niyatidan qaytmaganini Dovudga bildirish uchun kamonidan o‘q otdi. So‘ng xizmatkorini shaharga jo‘natdi. Shunda Dovud bilan ko‘rishib, oz-moz gaplashib olishga imkon tug‘ildi. Ularning ikkovi ham yig‘ladi va Yo‘natan qochoq sifatida yashayotgan jonajon do‘sti bilan qayg‘u ichida xayrlashib ketdi. (1 Shohlar 20:35–42)

Ushbu qiyin vaziyatda ham Yo‘natan sodiq va beg‘araz ekanini isbotladi. Barcha sadoqatli insonlarning dushmani bo‘lmish Shayton Yo‘natan ham Shoulday yo‘l tutishini va o‘z manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yishini ko‘rib maza qilgan bo‘lardi. Unutmangki, Shayton odamlarning xudbin bo‘lish moyilligidan foydalanib qolishni yaxshi ko‘radi. Odamato va Momohavoga keladigan bo‘lsak, Shayton o‘z maqsadiga erishdi. (Ibtido 3:1–6) Lekin Yo‘natan bu moyillikka berilmadi. Shayton qanchalar darg‘azab bo‘lgandir-a! Siz ham bu moyillikka qarshi turibsizmi? Ma’lumki, biz xudbinlik yuqumli kasallik kabi tarqalayotgan bir zamonda yashayapmiz. (2 Timo‘tiyga 3:1–5) Xo‘sh, Yo‘natan sodiq va beg‘araz bo‘lib qolganidan o‘rnak olamizmi?

Yo‘natan sodiq do‘st sifatida Dovudga uning hayoti xavf ostida ekanini bildiradi

«Siz men uchun juda aziz edingiz»

Shoul Dovudga nisbatan tuygan nafrati avjiga chiqdi. Yo‘natan otasi o‘zini aqldan ozgan kishiday tutayotganini va beayb insonni o‘ldirish niyatida ko‘rib ruhi tushgan edi, chunki u yurtni tintuv qilish uchun qo‘shin yiqqan edi. (1 Shohlar 24:1, 2, 12–15; 26:20) Yo‘natan ham bunda qatnashdimi? Qizig‘i shundaki, Muqaddas Yozuvlarda u shu kabi yurishlarda qatnashgani haqida hech nima aytilmagan. Yo‘natan Yahovaga, Dovudga va ahdiga sodiq qolib, shunday yo‘l tuta olgan.

Uning yosh do‘stiga nisbatan tuyg‘ulari hech qachon o‘zgarmagan edi. Vaqt o‘tib, u yana Dovud bilan uchrashadi. Ular «Serdaraxt joy» degan ma’noga ega bo‘lgan Xoreshda ko‘rishishadi. Xoresh odam yashamaydigan tog‘li hudud bo‘lib, Xevronning janubi-sharqidan bir necha kilometrda joylashgandir. Nega Yo‘natan hayotini xavf ostiga qo‘yib, do‘stini ko‘rishga boradi? Muqaddas Kitobda aytilishicha, u Dovud «Yahovaga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashi» uchun bunday qilgan. (1 Shohlar 23:16) Yo‘natan buni qay yo‘sin amalga oshirdi?

U yosh do‘stiga: «Qo‘rqma»,— deydi. Keyin aminlik bilan: «Otam seni topa olmaydilar»,— deb aytadi. Nima sababli u shu qadar amin edi? Chunki u Yahovaning niyati amalga oshishiga qattiq ishonardi. U yana shunday deydi: «Sen Isroil ustidan shoh bo‘lasan». Bir necha yillar avval buni aytish uchun Shomuil payg‘ambar tayinlangan edi, hozir esa Yo‘natan Dovudga Yahovaning so‘ziga doim ishonish muhimligini eslatmoqda. Kelajakda o‘zi nima bilan band bo‘lishi haqida Yo‘natan qanday fikrda edi? U Dovudga: «Men esa sendan keyingi odam bo‘laman»,— deb aytadi. Naqadar zo‘r kamtarinlik! U o‘zidan 30 yosh kichik bo‘lgan Dovudning boshqaruvi ostida bo‘lib, uni o‘ng qo‘li sifatida qo‘llab-quvvatlashini aytyapti. Oxirida esa: «Otam ham buni biladilar»,— deydi. (1 Shohlar 23:17, 18) Shoul ich-ichidan shuni tushunadiki, Yahova keyingi shoh sifatida tanlagan kishiga qarshi chiqqan odam g‘alaba qozona olmaydi.

Dovud yordamga muhtoj bo‘lgan paytda Yo‘natan unga dalda beradi

Keyingi yillar mobaynida Dovud shubhasizki, o‘tmishini eslab, bu uchrashuvni iliq tuyg‘ular bilan yodga oladi. O‘shanda ular so‘nggi marta uchrashgan edi. Ming afsuski, Yo‘natanning Dovuddan keyingi odam bo‘lish niyati amalga oshmadi.

Yo‘natan otasi bilan birga Isroil xalqining dushmani ekanini ochiqchasiga e’lon qilgan filistimliklarga qarshi jangga boradi. Yo‘natan pok vijdon bilan jangda qatnasha olgan, chunki otasining xatolariga qaramay, u doim Yahovaga xizmat qilishni birinchi o‘ringga qo‘ygan. Yo‘natan har doimgiday jasorat va sadoqat ila kurashgan, lekin bu jang isroilliklarga g‘alaba keltirmadi. Shoul juda ham yovuzlashib ketdi va Xudoning qonuniga qarshi chiqib, hatto sehr-joduga qo‘l urdi. Shu bois Yahova unga baraka bermay qo‘ydi. Uning uchta o‘g‘li, jumladan, Yo‘natan ham jangda halok bo‘ldi. O‘zi esa jarohatlandi va joniga qasd qildi. (1 Shohlar 28:6–14; 31:2–6)

Yo‘natan: «Sen Isroil ustidan shoh bo‘lasan, men esa sendan keyingi odam bo‘laman»,— degan. (1 Shohlar 23:17)

Dovud dard-u alamga botgan edi. U juda mehribon va kechirimli bo‘lib, hatto uning azob tortishiga sababchi bo‘lgan Shoul haqida qayg‘urgan. U Shoul va Yo‘natanga atab motam qo‘shig‘ini yozgan. Ehtimol, Dovudning quyidagi ta’sirli so‘zlari unga nasihatlar bergan do‘stiga tegishli: «Birodarim Yo‘natan, sizni o‘ylab, qayg‘uraman. Siz men uchun juda aziz edingiz. Menga bo‘lgan sevgingiz ayollarning sevgisidan ustun edi». (2 Shohlar 1:26)

Dovud Yo‘natanga ichgan qasamini hech qachon unutmagan. Yillar o‘tgach, u Yo‘natanning Mefibosit ismli nogiron o‘g‘lini huzuriga chaqirtirib, unga g‘amxo‘rlik qilgan. (2 Shohlar 9:1–13) Darhaqiqat, Dovud Yo‘natandan sadoqat, hurmat va hatto qanchalar qiyin bo‘lishidan qat’i nazar vafodor bo‘lib qolish borasida o‘rnak olgan. Biz ham o‘rnak olamizmi? Yo‘natanga o‘xshash do‘stlarni orttiryapmizmi? O‘zimiz ham shunday do‘st bo‘la olyapmizmi? Agar do‘stlarimizga imonga ega bo‘lib, uni mustahkamlashga ko‘maklashsak, Yahovaga sodiq bo‘lib qolishni birinchi o‘ringga qo‘ysak va o‘z manfaatimiz payidan bo‘lmay sadoqatli qolsak, Yo‘natanga o‘xshash do‘st bo‘la olamiz. Shuningdek, uning imoniga ergashishimiz mumkin.

^ 7- x.b. Yo‘natan Muqaddas Yozuvlarda ilk bor tilga olinganda, Shoulning boshqaruvi boshlagan edi. U qo‘shin qo‘mondoni bo‘lib, 20 yoshda bo‘lgandir. (Sahroda 1:3; 1 Shohlar 13:2) Shoul 40-yil hukm surgan. U o‘lgan paytda Yo‘natan taxminan 60 yoshda, Dovud esa 30 yoshda edi. (1 Shohlar 31:2; 2 Shohlar 5:4) Demak, Yo‘natan Dovuddan deyarli 30 yoshga katta edi.