Asosiy materiallarga o‘tish

IMONLARIGA ERGASHINGLAR | MARYAM

«Yahovaga kuylang»

«Yahovaga kuylang»

Qamishzorda bir qizcha yashirinib oldi. U ko‘zini sohildan uzmadi. Qizcha qilt etmay, jimgina turardi. U umuman qimirlamas edi. Yonida bir maromda Nil daryosi oqardi. Vaqt go‘yo to‘xtab qolganday edi. Ammo qizcha atrofida uchayotgan xira pasha-yu chivinlarga e’tibor bermaslikka harakat qilib turardi. U suvda qalqib borayotgan savatga qarardi. Uning ichida jajji chaqaloq, uning ukajoni yotgan edi. U yolg‘iz edi! Bularning dastidan uning dili vayron bo‘lgandi. Biroq ota-onasining boshqa chorasi yo‘q edi. Faqat bunday qilib chaqaloqni saqlab qolish mumkinligini u tushunardi.

U yerga kelish mardonavor harakat edi. Ammo muayyan vaqtdan keyin bu qizcha yanada jasoratli bo‘lishi kerak bo‘ldi. O‘sha vaqtning o‘zida bu qizcha kuchli imon egasi edi. Buning isbotini keyinchalik ko‘ramiz. Butun umri davomida bu fazilat uni boshqalardan ajratib turar edi. Yillar o‘tgach esa, yoshi ulg‘ayganda, imoni unga xalqining eng ajoyib tarix pallasida yordam berdi. O‘shanda ham aynan imon tufayli u jiddiy xato qilganidan keyin o‘ziga kela oldi. Xo‘sh, bu qizcha kim? Biz undan qanday saboq olishimiz mumkin?

Asirlikda tug‘ilgan

Muqaddas Kitobda uning ismi yozilmagan, lekin uning kimligini bilishimiz shubhasiz. U Misrda qul bo‘lgan Imrom va Yo‘xavad ismli ibroniy juftlikning to‘ng‘ich qizi, Maryam. (Sahroda 26:59) Savat ichidagi chaqaloqqa keyinchalik Muso deb ism berishdi. Uning yana bir ukasi o‘shanda taxminan uch yoshda edi. Maryamning esa yoshi nechada bo‘lgani noma’lum, lekin o‘shanda u o‘n yoshlarda bo‘lgan deb mantiqan taxmin qilish mumkin.

Maryamning bolalik davri og‘ir edi. Ibroniylar jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligini ko‘rgan misrliklar ularni asoratga solib, ularga jabr-zulm o‘tkazishardi. Ammo ibroniy xalqining qaddi sinmadi va ularning soni ortib borardi. Shunda, qo‘rquv bosgan misrliklar undan battar choralar ko‘rishdi. Fir’avn barcha yangi tug‘iladigan o‘g‘il bolalarni o‘ldirishni buyurdi. Maryam albatta Shifro va Puvo ismli ibroniy jasoratli doyalarning imoni haqida eshitgan edi. Bu ikkita ayol doyalik qilayotganda o‘sha buyruqqa qaramay chaqaloqlarni tirik qoldirishardi. (Chiqish 1:8–22)

Ota-onasining ham o‘rnagi u uchun saboq edi. Uchinchi shirintoy o‘g‘li tug‘ilganda, Imrom bilan Yo‘xavad uni uch oy davomida yashirishdi. Ular fir’avnning buyrug‘idan qo‘rqmay chaqaloqni tirik qoldirishdi. (Ibroniylarga 11:23) Lekin uni yashirish oson kechmagan, vaqt o‘tib, ular qaltis masalaga duch kelishdi. Yo‘xavad chaqalog‘ini uydan yashirincha olib chiqdi. Bolasini himoya qilish va oyoqqa turg‘izish qo‘lidan kela oladigan inson topilishiga umid bog‘lab uni yashirishga to‘g‘ri keldi. Tasavvur qiling, u papirusdan savat yasab, ichiga suv sizib o‘tmasligi uchun uni asfalt va smola bilan qoplaganida qanchalar ibodat qilgandir-a! Jonajon chaqalog‘ini Nil daryosida qoldirayotganda, yuragi tilka-pora bo‘lgani aniq. U Maryamga u yerda turishni va sodir bo‘ladigan hammasini ko‘rib turishni tayinlaganga o‘xshaydi. (Chiqish 2:1–4)

Maryam ukasining hayotini saqlab qoldi

Maryam onasiga quloq solib u yerda qoldi. Kimdir kelayotganini eshitdi. Ayollar yaqinlashayotgandi. Bu oddiy misrlik ayollar emas edi. Fir’avn qizi Nil daryosida cho‘milgani keldi, yonida esa xizmatidagi qizlar bor edi. Ehtimol, Maryam: «Endi nima bo‘ladi?!» — deb o‘ylagandir. Fir’avn qizi otasining buyrug‘ini buzib, ibroniy bu bolani o‘z himoyasi ostiga oldimi? Maryam umrida hech qachon shu qadar sidqidildan ibodat qilmagan, shekilli.

Birinchi bo‘lib savatni fir’avn qizi ko‘rib qoldi. U qamishzor o‘rtasidagi savatni olib kelishni cho‘risiga buyurdi. Muqaddas Kitobda u: «Savatni ochib, ichida yig‘lab yotgan chaqaloqni ko‘rdi»,— deyilgan. U gap nimada ekanligini darrov payqadi, bironta ibroniy ona bolasining hayotini saqlab qolmoqchi. Fir’avn qizining bu yoqimtoy chaqaloqqa rahmi keldi. (Chiqish 2:5, 6) Maryam uning ko‘ngli erib ketganini tushundi. Mana endi, Yahovaga bo‘lgan imonini namoyon etish vaqti kelgan edi. O‘zini qo‘lga olib, u fir’avn qizining oldiga bordi.

Kichkina ibroniy bu qizcha bunday qilishga jur’at etgani uchun qanday jazoga tortilishi mumkin bo‘lganini bilmaymiz. Lekin Maryam oqibatini o‘ylamay, to‘g‘ridan-to‘g‘ri: «Borib, bu bolani emizib, unga enagalik qiladigan birorta ibroniy ayolni chaqirib kelaymi?» — deb so‘radi. To‘g‘ri savol! Fir’avnning qizi chaqaloqni emiza olmasligini bilardi. Ehtimol, bolani uning xalqidagi ayol boqib berishini, yaxshi fikr deb o‘ylagandir. Keyin esa uni o‘ziga o‘g‘il qilib olib, unga yaxshi ma’lumot berishi mumkin. Fir’avn qizi: «Mayli, bor!» — deb aytganda, Maryam rosa suyundi. (Chiqish 2:7, 8)

Jasoratli Maryam ukasi yotgan savatdan ko‘z uzmagan

Qizcha, xavotirlanayotgan ota-onasining yoniga chopib bordi. U bo‘lib o‘tganlarni qanchalar zavqlanib aytib berganini ko‘z o‘ngingizga keltiring! Yo‘xavad bu ibodatlariga bo‘lgan Yahovaning javobi ekanini fahmlagani aniq. U shu zahotiyoq Maryam bilan birga fir’avn qizinikiga yo‘l oldi. Fir’avnning qizi unga: «Bu bolani olib, uni men uchun boqib ber. Xizmat haqingni to‘layman»,— deb aytganda, u xursandchiligini va yengil tortganini sezdirmaslikka harakat qilgandir. (Chiqish 2:9)

O‘shanda Maryam Tangrisi Yahovani boshqacha tomondan bilib oldi. U Yahova O‘z xizmatchilarining ibodatlarini eshitishini va ularga javob berishini tushundi. U imonga va jasoratga nafaqat yoshi kattalar ega bo‘lishi mumkinligiga amin bo‘ldi. Yahova har bir sadoqatli xizmatchisining ibodatini eshitadi. (Zabur 65:2) Hammamiz, yosh-u qariyalar, erkag-u ayollar, ayniqsa, hayotimizda nogahon nimalardir yuz berganda buni esimizda tutishimiz zarur.

Sabr-toqatli opa

Yo‘xavad bolaga enagalik qilib, mehr ila g‘amxo‘rlik qilardi. Maryam hayotini qutqarib qolgan ukajoniga qanchalar bog‘lanib qolganini tasavvur qilsa bo‘ladi. Balki, unga gapirishni o‘rgatgandir va u ilk bor Xudoning ismini aytganda, rosa quvongandir. Lekin u ulg‘aydi va uni fir’avnning qiziga olib borish vaqti keldi. Fir’avn qizi unga Muso deb ism qo‘ydi. (Chiqish 2:10) Shubhasiz, ajralish butun oila uchun nihoyat og‘riqli edi. Maryam, ukasi katta bo‘lganda qanday inson bo‘lishini bilishni xohlardi. Shohona saroyda yashab u Tangri Yahovani unutib qo‘ymasmikan?

Vaqt o‘tgach, u savollariga javob oldi. Maryam ukasi katta bo‘lganda, fir’avning koshonasida huzur-halovatda yashashning o‘rniga Xudoga xizmat qilishni tanlaganidan faxrlanardi. Muso 40 yoshida o‘z xalqining tarafini oldi. U qul bo‘lgan ibroniyga qo‘pol munosabat ko‘rsatgan misrlikni o‘ldirdi. Bu tufayli uning hayoti qil ustida edi! Omon qolish uchun, Muso Misrdan qochib ketdi. (Chiqish 2:11–15; Havoriylar 7:23–29; Ibroniylarga 11:24–26)

Ehtimol, u keyingi 40-yil davomida Midiyon yurtida yashab, cho‘ponlik qilgan ukasi haqida hech narsa eshitmagandir. (Chiqish 3:1; Havoriylar 7:29, 30) Vaqt o‘tdi, Maryamning yoshi ulg‘aydi, xalqning ahvoli esa og‘irlashib borardi.

Maryam payg‘ambar ayol edi

Muso qaytib kelganda, Maryamning yoshi 80 dan oshgandi. Xudo uni O‘z xalqini xalos etish uchun yubordi. Horun uning vakili bo‘ldi. Ikkovi fir’avnning yoniga borib, Xudoning xalqini qo‘yib yuborishini talab qilishdi. Fir’avn ularni tinglashdan bosh tortdi va ular qayta-qayta uning yoniga borishlariga to‘g‘ri kelganda, opasi ukalarini qo‘llab-quvvatlab, ruhini ko‘targani shubhasiz. O‘shanda Yahova ogohlantiruv tariqasida misrliklar boshiga birin-ketin jazolar yuborardi. Nihoyat, so‘nggi o‘ninchi jazodan, ya’ni misrliklarning to‘ng‘ich bolalari o‘lgandan keyin yurtni tark etish vaqti keldi. Maryam odamlarga Musoning boshqaruvi ostida Misrni tark etishga shijoat bilan yordam berganini bir tasavvur qiling! (Chiqish 4:14–16, 27–31; 7:1–12:51)

Keyinchalik, isroilliklar Qizil dengiz va misrlik askarlar orasida qolib ketganda, Maryam ukasi dengiz tomon borib, tayog‘ini ko‘targanini ko‘rdi. Shunda, dengiz ikki tomonga bo‘lindi! Ukasi xalqni dengizning quruq yeridan yetaklab ketayotganda, Maryamning Yahovaga bo‘lgan imoni kuchayardi. U Xudosi uchun imkonsiz narsaning yo‘qligiga amin bo‘ldi. Alloh O‘z va’dasini bajarishga qodir! (Chiqish 14:1–31)

Maryam isroilliklar sog‘-salomat, beshikast Qizil dengizning narigi tomoniga o‘tganini, dengiz suvlari esa fir’avn va uning qo‘shinini bosib qolganini ko‘rganda, Yahova dunyodagi hatto eng qudratli qo‘shindan ham kuchliroq ekaniga amin bo‘ldi. Odamlar omon qolishganidan rosa suyunishardi va Yahovaga qo‘shiq kuylamoqchi bo‘lishdi. Maryam ayollarga yetakchilik qilib: «Yahovaga kuylang, zero U buyuk g‘alabaga erishdi. Ot va uning suvorisini U dengizga uloqtirdi»,— deb qo‘shiq kuylay boshladi. (Chiqish 15:20, 21; Zabur 136:15)

Maryam ilohiy ilhom ostida Qizil dengiz sohilida boshqa ayollar bilan birga g‘alaba qo‘shig‘ini kuylagan

O‘sha voqealar uning dilida saqlanib qoldi. Muqaddas Kitobda u payg‘ambar ayol deb tilga olingan. U bunday sharafga ega bo‘lgan birinchi ayol edi. Faqat bir-nechta ayol Yahovaga bunday o‘zgacha xizmat qilish sharafiga ega bo‘lgan. (Hakamlar 4:4; 4 Shohlar 22:14; Ishayo 8:3; Luqo 2:36)

Muqaddas Kitobdan bilib olayotganimizday, Yahova bizni ko‘rib turadi va kamtarlik ila qilayotgan harakatlarimizni, sabrimizni va Uni mamnun qilish xohishimizni o‘ta qadrlaydi. Yosh-u qariyalar, erkag-u ayollar Yahovaga ishonishi mumkin. Bunday imon Xudoni quvontiradi va U buni aslo unutmaydi, albatta mukofotlaydi. (Ibroniylarga 6:10; 11:6) Ha, Maryamning imoniga ergashish arziydi!

Maryam mag‘rur bo‘lib qoldi

O‘zgacha vazifalar-u obro‘-e’tibor yoqimli, lekin shu bilan birga bu xavfli. Maryam isroilliklar xalos bo‘lgandan so‘ng xalq orasida eng taniqli ayolga aylangan bo‘lishi mumkin. Xo‘sh, bu uni yo‘ldan urib, mag‘rurlikka yetakladimi? (Hikmatlar 16:18) Ming afsuski, qaysidir payt davomida shunday bo‘ldi.

Misrdan chiqqandan bir necha oy o‘tgach, Musonikiga uzoqdan mehmonlar keldi. Bu qaynotasi Yatro, Musoning xotini Zippura va ularning ikkita o‘g‘li edi. Muso va Zippura turmush qurib Midiyon yurtida 40-yil davomida yashashgan. Zippura bundan oldin qarindoshlarini ko‘rib kelish uchun Midiyonga ketgan edi. Endi esa, otasi uni Musoning oldiga olib keldi. (Chiqish 18:1–5) Tasavvur qiling, xalq uni ko‘rib qanchalar hayron bo‘lgandir. Albatta, ko‘plar Xudo ularni Misrdan olib chiqish uchun tanlagan insonning xotinini qanaqa ekan deb qiziqqan.

Xo‘sh, Maryam Zippura kelganidan xursandmidi? Boshida xursand bo‘lgandir. Lekin mag‘rurligi ustun kelishiga u yo‘l qo‘ydi. Maryam Zippurani raqibday ko‘rib, u xalq orasida eng taniqli ayolga aylanadi deb qo‘rqqandir. Nima bo‘lmasin, Maryam bilan Horun u haqida salbiy ruhda gapiradigan bo‘lishdi. Odatdagiday, bunday gap-so‘zlar bora-bora achchiq va zahar kinoyalarga aylandi. Avval ular faqat Zippurani muhokama qilishardi. U isroillik emas, Kush yurtidan deyishardi *. Keyin esa Musoga ko‘chishdi. Ular qattiq g‘azabda: «Nima, Yahova faqat Muso orqali gapiradimi? U biz orqali ham gapirmaydimi?» — deya boshlashdi. (Sahroda 12:1, 2)

Maryam moxov kasalligiga yo‘liqdi

Maryam bilan Horun zahrini sochib, Musoga hasad qilishgan va hokimiyatni o‘z qo‘liga olib, hammaning diqqat-e’tiborida bo‘lmoqchi edi. Muso ham bu narsalarni xohlaganmi? U so‘zini o‘tkazadigan va izzattalab inson bo‘lganmi? Albatta, uning kamchiliklari bo‘lgan, lekin u takabbur va kekkaygan inson bo‘lmagani aniq. Muqaddas Kitobda: «Muso yer yuzidagi barcha odamlar ichida eng kamtar inson edi»,— deb yozilgan. Nima bo‘lmasin, Maryam va Horunning yurish-turishini oqlab bo‘lmaydi. Ular xatarli yo‘lga kirib qolishdi. «Yahova esa ularni eshitib turardi»,— degan so‘zlarni o‘qiymiz. (Sahroda 12:2, 3)

Kutilmaganda Yahova ularning uchalasini uchrashuv chodiriga chaqirtirdi. U yerda Yahovani ifodalovchi bulut ustuni pastga tushib, chodirning kiraverishida turdi va Yahova gapira boshladi. Maryam va Horunga tanbeh berib, U Muso bilan o‘zgacha munosabatlarga ega ekanini va unga juda ham ishonishini ularga eslatdi. Yahova: «Xizmatchim Musoga qarshi gapirishdan qo‘rqmadilaringmi?» — deb savol berdi. Ular qo‘rquvdan qaltirab turishardi. Yahova ularning Musoga nisbatan hurmatsizligini O‘ziga nisbatan hurmatsizlik, deb bilardi. (Sahroda 12:4–8)

Buning boshida Maryam turgan bo‘lishi mumkin. Ukasini gijgijlab, Zippuraga qarshi qilib qo‘ydi. Shuning uchun, Yahova faqat Maryamni jazolab, uni moxov kasalligiga yo‘liqtirdi. Kasallik teriga ta’sir qildi va u «qorday oppoq bo‘lib qoldi». Horun shu zahotiyoq Musoga: «Nodonligimiz tufayli bu ishga qo‘l urdik»,— deb Yahovaning oldida ularning yonini olishni so‘radi. Muso kamtar inson edi, u Yahovaga: «Ey Xudo, iltimos unga shifo ber! Iltimos!» — deya yolvordi. (Sahroda 12:9–13) Horun va Muso opasining ahvolidan qayg‘urishgan va u tuzalib ketishini xohlashgan. Uning xatolariga qaramay ular uni juda yaxshi ko‘rishardi.

Xudo Maryamni kechirdi

Yahova rahm-shafqat ko‘rsatib, tavba qilgan Maryamga shifo berdi. Lekin yetti kun mobaynida Isroil qarorgohidan tashqarida bo‘lishini talab qildi. Hammaning ko‘z o‘ngida qarorgoh tashqarisiga chiqib ketayotganda, u o‘zini juda kamsitilganday his qilgan bo‘lishi mumkin. Imoni unga yordam berdi. Maryam samoviy Otamiz Yahova haq ekanini va uni yaxshi ko‘rgani uchun to‘g‘ri yo‘lga solayotganini tushunardi. Shu bois, u aytilganday qildi. U yetti kun yolg‘iz o‘zi qarorgoh tashqarisida yashadi, hamma uning qaytishini kutardi. So‘ng Maryam yana bir bor imonini namoyon etdi, bu safar u kamtar bo‘lib, «qaytib keldi». (Sahroda 12:14, 15)

Yahova O‘zi sevgan insonga tarbiya beradi. (Ibroniylarga 12:5, 6) U Maryamni juda ham yaxshi ko‘rgani uchun mag‘rurligidan xalos bo‘lishga ko‘maklashdi. To‘g‘ri, bu unga dard keltirdi, ammo omon qolishiga ham hissa qo‘shdi. Maryam tarbiyani kamtarlik ila qabul qilgani bois, Xudo undan yana mamnun edi. U isroilliklarning sahroda kezib yurishganining oxirigacha yashagan edi. Maryam Zin sahrosida, Kadeshda taxminan 130 yoshda hayotdan ko‘z yumdi *. (Sahroda 20:1) Asrlar o‘tgach, Yahova sodiq xizmatkori Maryamni unutmaganini ko‘rsatdi. Mixo payg‘ambar orqali O‘z xalqiga quyidagilarni eslatdi: «Seni... sen qul bo‘lgan yurtdan ozod etdim, oldingga Muso, Horun va Maryamni yubordim». (Mixo 6:4)

Imoni tufayli Maryam Yahovaning tarbiyasini qabul qilgan

Maryamning hayoti saboqlarga to‘la. Biz ham zaiflarni himoya qilishimiz va u bolaligida qilganiday, aytishimiz kerak bo‘lgan so‘zlarni qo‘rqmay gapirishimiz lozim. (Yoqub 1:27) U singari Allohning xabarini boshqalar bilan zavq ila bo‘lishishimiz darkor. (Rimliklarga 10:15) U kabi hasad va g‘azab zahridan qutulishimiz kerak. (Hikmatlar 14:30) Shuningdek, Yahovaning tarbiyasini kamtarlik ila qabul qilishimiz muhim. (Ibroniylarga 12:5) Shunday yo‘l tutib, Maryamning imoniga ergashgan bo‘lamiz.

^ 21- x.b. Zippura Kush yurtidan bo‘lgani u Habashistondan ekanini anglatmaydi. Midiyon yurtidagi ko‘pchilik kabi u ham Arabistondan bo‘lgandir.

^ 26- x.b. Uchalasi bir yil ichida o‘lgandir, birinchi bo‘lib Maryam, keyin Horun, so‘ng esa Muso.