Yahovaning Shohidlari insonlarni dinini o‘zgartirishga majburlashadimi?
Yo‘q. Hech kimni o‘z dinimizga og‘dirmaymiz. Asosiy jurnalimiz, «Qo‘riqchi minorasi»da shunday yozilgan: «Insonlarni dinini o‘zgartirishga majburlash noto‘g‘ri» a. Quyidagi sabablarga ko‘ra, odamlarni majburlamaymiz:
Iso Masih hech kimni ta’limotlarini qabul qilishga majburlamagan. U xabariga ozchilik quloq solishini bilgan. (Matto 7:13, 14) Ba’zi shogirdlari uning gaplaridan qoqinishganida, ularni ushlab qolmay, ketishlariga yo‘l qo‘ygan. (Yuhanno 6:60–62, 66–68)
Iso alayhissalom izdoshlariga boshqalarni e’tiqodini o‘zgartirishga majburlash kerak, deb o‘rgatmagan. Shogirdlari Xudoning Shohligi haqidagi xushxabarni qabul qilishga hech kimni majburlamay, uni tinglashga moyil bo‘lganlarni izlashga harakat qilishlari kerak edi. (Matto 10:7, 11–14)
Xudo faqatgina chin yurakdan topinayotganlarni ma’qul ko‘radi, shuning uchun, boshqalarni majburlash aqlsizlik bo‘lardi. (Qonunlar 6:4, 5; Matto 22:37, 38)
Faoliyatimiz o‘z e’tiqodimizni boshqalarga singdirish (prozelitizm) deb hisoblanadimi?
Biz Muqaddas Kitobdagi amrga amal qilgan holda «yerning chetlariga qadar» «el oldida hamda uyma-uy yurib» xushxabarni tarqatayotganimiz rost. (Havoriylar 1:8; 10:42; 20:20) Ilk masihiylarni ayblashgani kabi, bizni ham gohida qonunga xilof ravishda insonlarning dinini o‘zgartirishadi, deb ayblashadi. (Havoriylar 18:12, 13) Ammo bu ayblovlar yolg‘on. Hech kimni e’tiqodimizni qabul qilishga majburlamaymiz. Aksincha, har bir insonning bilim olishga imkoni bo‘lishi va o‘zi to‘g‘ri qaror qabul qilishi kerak, deb bilamiz.
Insonlarni dinini o‘zgartirishga majburlamaymiz, din niqobi ostida siyosiy faoliyat olib bormaymiz, ko‘proq odamlarni jalb qilish maqsadida ularga moddiy yordam ko‘rsatmaymiz va xayriya ishlarini yuritmaymiz. Bu bilan biz, o‘zini masihiy deb bunday ishlari bilan aslida Iso Masihning nomiga dog‘ tushirayotgan insonlardan farq qilamiz b.
Inson o‘z e’tiqodini o‘zgartirishga haqlimi?
Ha, Muqaddas Kitob inson o‘z diniy e’tiqodini o‘zgartirishga haqli ekanini ko‘rsatmoqda. U yerda qarindoshlarining diniga e’tiqod qilmay, o‘z xohishi bilan haq Xudoga topinishga qaror qilgan ko‘pgina insonlarning misoli mavjud. Masalan, Ibrohim payg‘ambar, Rut ismli ayol, afinaliklarning ayrimlari va havoriy Pavlus Yahovaga topinishni tanlashgan. (Yoshua 24:2; Rut 1:14–16; Havoriylar 17:22, 30–34; Galatiyaliklarga 1:14, 23) Muqaddas Kitobdan ko‘rinib turganday, inson Xudoga ma’qul bo‘lgan topinishni rad etib, boshqa yo‘lni tanlashga ham haqli. (1 Yuhanno 2:19)
Birlashgan Millatlar Tashkiloti «inson huquqlari sohasida xalqaro standart asosi» deb atagan Inson huquqlari deklaratsiyasida ham odam dinini o‘zgartirishga haqli ekani tasdiqlangan. Ushbu hujjatda har bir kishi «diniy e’tiqodini o‘zgartirish» hamda «ma’lumot va fikr izlash, qabul qilish hamda boshqalar bilan bo‘lishish erkinligiga ega» deyilgan c. Albatta, bu huquqlarni amalga oshirish boshqalarning o‘zi e’tiqodiga ega bo‘lish va qaysidir fikrlarni rad etish huquqini hurmat qilishni o‘z ichiga oladi.
E’tiqodini o‘zgartirish oilaviy urf-odatlarga hurmatsizlik ko‘rsatishni anglatadimi?
Yo‘q. Muqaddas Kitobda insonlarning dini qanaqa bo‘lishidan qat’i nazar barchani hurmat qilishimiz kerakligi yozilgan. (1 Butrus 2:17) Boz ustiga, Yahovaning Shohidlari Muqaddas Kitobdagi amrga bo‘ysunib, hatto ota-onasi boshqa dinda bo‘lsa ham, ularni hurmat qilishadi. (Efesliklarga 6:2, 3)
Lekin hamma ham Muqaddas Kitobdagi nuqtai nazarga qo‘shilmaydi. Zambiyada ulg‘aygan bir ayol shunday deb bo‘lishdi: «Men yashayotgan hududda kimdir dinini o‘zgartirsa, oilasi-yu yaqinlariga xiyonat va sadoqatsizlik qildi, deb hisoblanadi». Bu ayol o‘smirlik chog‘ida Yahovaning Shohidlari bilan Muqaddas Kitobni tadqiq qilgan va ko‘p o‘tmay diniy e’tiqodini o‘zgartirishga qaror qilganida, shunday qiyinchilikka duch kelgan. U shunday dedi: «Ota-onam tez-tez mendan norozi ekanini va ko‘nglini og‘ritayotganimni aytardi. Bunday gaplarni eshitish juda og‘ir kechardi. Axir ota-onamning roziligini olish men uchun katta ahamiyatga ega... Diniy urf-odatlarga emas, Yahovaga sadoqatli bo‘lishni tanlaganim oilamga xiyonat qilganimni anglatmaydi» d.
a «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining (rus) 2002-yil 1-yanvar sonining 12-sahifasi, 15-xatboshiga qarang.
b Misol uchun, taxminan mil. 785-yili Fransiya qiroli Sharleman Saksoniyadagi odamlar xristian dinini qabul qilib, suvga cho‘mdirilish kerak degan farmon chiqargan. Shuningdek, mil. 1555-yili muqaddas Rim imperiyasidagi o‘zaro urush olib borayotgan guruhlar orasida Augsburg tinchlik shartnomasi imzolangan. Unga ko‘ra, har bir hudud hokimi yo katolizm yo lyuteran dinini qabul qilishi va barcha fuqarolari uning dinini qabul qilishlari lozim edi. O‘sha hokimning dinini qabul qilishdan bosh tortganlar esa hududni tark etishi talab etilgan.
c Shu kabi huquqlar Inson huquqlari bo‘yicha arab xartiyasi (2004), Inson huquqlari va majburiyatlari Amerika deklaratsiyasi, Inson va xalqlar huquqlari bo‘yicha Afrika xartiyasi, Inson huquqlari haqidagi janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarining assotsiatsiyasi deklaratsiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasi hamda Fuqarolik va siyosiy huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro pakt ichiga kiradi. Lekin hatto bunday huquqlar berilgan mamlakatlarda ham ularni qay miqdorda taqdim etish borasida har xil yo‘l tutiladi.
d Muqaddas Kitobda haq Xudoning ismi Yahova deb yozilgan.