Asosiy materiallarga o‘tish

Bandarnayke xalqaro aeroportida mahalliy Shohidlar mehmonlarni kutib olyapti.

2018-YIL, 21-DEKABR
SHRI LANKA

Shri Lankada o‘tgan ilk maxsus anjuman

Shri Lankada o‘tgan ilk maxsus anjuman

Yettita mamlakatdan bo‘lgan minglab Yahovaning Shohidlari Shri Lankadagi birodar-u opa-singillari bilan u yerda o‘tgan ilk maxsus anjumandan bahramand bo‘ldi. «Jasoratli bo‘ling!» deb nomlangan maxsus anjuman 2018-yili 6–8-iyul kunlari poytaxt shahar Kolombodagi «Sugatadasa» milliy sport kompleksida bo‘lib o‘tdi. Kelganlarning yuqori soni 14 121 kishini tashkil etdi. Diqqatga sazovor voqealar Yetakchi kengash a’zosining nutqlari, Shri Lankada har qachongidan ham ko‘proq odam suvga cho‘mgani va mahalliy birodar-u opa-singillarimiz deyarli 3 500 ta kishiga o‘zgacha mehmondo‘stlik ko‘rsatgani bo‘ldi.

Tayyorgarliklar 2017-yili sentyabrda, Shri Lankadagi mahalliy jamoatlar maxsus anjuman bo‘lishi to‘g‘risida xabar olganida boshlandi. Tadbirni o‘tkazish uchun ko‘rilgan barcha tayyorgarliklardan tashqari, stadionni anchagina ta’mirlash va tozalash kerak edi. Bu bo‘yashni, axlatni tozalashni, singan stullarni tuzatishni va yo‘llardagi chuqurlarni yopishni o‘z ichiga oldi. Anjuman bo‘lishidan uch hafta oldin yuzlab Shohidlar yordamga keldi. Xavfsizlik xizmati xodimining aytishicha, birodarlarimiz juda qisqa vaqt ichida amalga oshirgan ta’mirlash ishlarini qilish uchun to‘rt yil kerak bo‘lardi.

Ma’naviy dastur Shri Lanka madaniyatining yorqin taraflarini ko‘rsatadigan turli tadbirlar bilan yakun topdi. Ayniqsa, milliy raqs va qo‘shiqlar dasturning unutilmas lahzalariga aylandi. Unda, shuningdek, yosh Shohidlar hamdu-sano qo‘shiqlarini kuyladi.

Shri Lankadagi filial vakili Ashli Ferdinands quyidagicha dedi: «Maxsus anjuman mamlakatimizdagi birodar-u opa-singillar uchun ajoyib hadya bo‘ldi va ko‘pgina mehmonlarni kutib olish sharafiga ega qildi. Ushbu anjuman yaxshi o‘tishi uchun yordamini ayamagan anchagina ixtiyoriy xizmatchilardan minnatdormiz. Albatta, bularning barchasi uchun yaxshi hadyalarning Manbai bo‘lmish samoviy Otamizni ulug‘laymiz». (Yoqub 1:17)

 

Anjuman to‘rtta tilda — ingliz (bu yerda ko‘rsatilgan), sinxala, Shri Lanka imo-ishora va tamil tillarida bo‘lib o‘tdi.

Yetakchi kengash a’zosi birodar Entoni Morris har kungi dasturni yakunladi.

Anjumanda 273 kishi suvga cho‘mgani Shri Lankadagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.

Birodarlarimiz filialda mahalliy ommaviy axborot xodimlari uchun matbuot-konferensiyasini o‘tkazdi. 40 dan oshiq jurnalist tashrif buyurdi va filial bilan tanishdi.

Ommaviy axborot xodimlari uchun anjuman vakili Shri Lankadagi ikkita yirik yangiliklar markaziga intervyu beryapti.

2018-yili yanvarda 700 dan oshiq birodar-u opa-singillarimiz anjumanga tayyorgarlik ko‘rish uchun ta’lim olish maqsadida Kolomboda yig‘ildi.

Ixtiyoriy xizmatchilar anjuman o‘tadigan hududdagi singan ko‘pgina stullarni tuzatish uchun mehnat qildi.

Anjuman o‘tgan Kolombo shahri yaqinidagi turli Yig‘ilish zallarida «Keling, tanishaylik» deb nomlangan dastur uyushtirildi; bu tufayli mehmonlar mahalliy imondoshlar bilan yaqinroq tanishdi.

Ishtirokchilar Shri Lanka san’atining turli qirralarini ko‘rsatib berdi; bu yerda keltirilgan klassik tamil raqsi shular jumlasidan.

Yosh Shohidlar «Yahova mehr ila chorlar: “O‘g‘lim, dono bo‘l”» nomli qo‘shiqni kuyladi.

Mehmonlar choy qanday tayyorlanishini bilib olishdan zavq oldi.

Anjuman so‘ngida mehmonlar mahalliy birodar-u opa-singillarga bo‘lgan sevgisini ko‘rsatuvchi plakatlarni ushlab turibdi.